2025-yil 9-11-oktabr kunlari Toshkent shahridagi Central Asian Expo (CAEx) xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tayotgan “InnoWeek-2025 - Ideas without borders” xalqaro innovatsiyalar haftaligida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi o‘zining yangi ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazmada markaz vakillari ham faol ishtirok etib, bir nechta muhim yo‘nalishlarda o‘z ilmiy va texnologik yutuqlarini namoyish qildi. Xususan, markaz “Energetika”, “Mashinasozlik va materialshunoslik”, “Konchilik ishi va mineral xom ashyolarni chuqur qayta ishlash” hamda “Kimyo va neft kimyosi” yo‘nalishlarida ilg‘or ishlanmalari, innovatsion texnologiyalar va jihozlari hamda yangi avlod ilmiy ishlari bilan ishtirok etdi.
![]()
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlarning 400 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlar, innovatsion markazlar, IT-parklar, xorijiy delegatsiyalar, xorijiy va mahalliy startap loyihalar mualliflari, investitsiya fondlari, sanoat korxonalari, nodavlat tashkilotlar o‘z ishlanmalarini taqdim etishdi.
Taqdim etilgan loyihalar orasida energiya tejamkor yechimlar, yangi turdagi texnologik materiallar ishlab chiqish, foydali qazilmalarni qayta ishlashda zamonaviy yondashuvlar hamda kimyo sanoatida innovatsion ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish kabi dolzarb yo‘nalishlar alohida e’tiborni qozonmoqda.
![]()
Markaz vakillari ko‘rgazma doirasida xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar, tajriba almashish sessiyalari va kelgusidagi qo‘shma ilmiy loyihalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda. Ushbu ishtirok O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining xalqaro miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.
Bundan tashqari mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xorijiy mutaxassislar va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, B2B uchrashuvlar, texnologiyani tijoratlashtirish, pilot loyihalar, hamkorlik shartnomalari, universitetlar va ilmiy muassasalar uchun qo‘shma tadqiqot yoki grantlarga ariza berish imkoniyati, soha yetakchilarining case-studylari va praktik seminarlar orqali dolzarb yechimlarni o‘zlashtirish kabi ko‘plab samarali uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
![]()
Ushbu nufuzli ko‘rgazma davomida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi mutaxassislari xorijiy ilmiy muassasalar, sanoat korxonalari va texnologiya markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi.
Ushbu yo‘nalishlarning barchasi yuqori texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash orqali O‘zbekiston sanoatining raqobatbardoshligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
![]()
“InnoWeek-2025 Chegarasiz g‘oyalar” haftaligi O‘zbekistonda innovatsion rivojlanish sohasida xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda yoshlar ilmiy salohiyatini kuchaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining ishtiroki mamlakat ilm-fanining xalqaro nufuzini oshirish va yoshlar innovatsion tafakkurini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.