Nukus Innovatsion texnologiyalar universiteti delegatsiyasining O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markaziga tashrifi
Joriy yilning 28.10.2025 kuni Nukus Innovatsion texnologiyalar universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordilar hamda markaz faoliyati, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va amaliy ishlanmalari bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya a’zolari markazning zamonaviy laboratoriyalari, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi hamda yosh olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan tanishishdi. Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va innovatsion loyihalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar hamda yoshlar uchun qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi va Nukus Innovatsion texnologiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatida tajriba almashish, yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirish va yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ushbu hamkorlik kelgusida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida samarali natijalarga erishish, shuningdek, yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratishga zamin bo‘ladi.