Joriy yilning 24-25 oktabr kunlari O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi delegatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat texnika universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lishdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi - markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yosh olimlar o‘rtasida tajriba almashish hamda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari mazkur oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari, innovatsion ishlanmalari hamda yosh olimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Tomonlar ilmiy izlanishlar natijadorligini oshirish, qo‘shma startap va innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasida innovatsion tafakkurni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
![]()
Tashrif yakunida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi hamda Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat texnika universiteti va Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur hujjatlar kelgusida qo‘shma ilmiy izlanishlar, xalqaro innovatsion loyihalar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.