2026-yilning 15-may kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi (Markaz)da Yaponiya hukumatining “SATREPS” xalqaro jamgʻarmasi doirasida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasida Vodorod energiyasini innovatsion texnologiyalar yordamida yaratish” mavzusidagi 2024-2029-yillarga moʻljallangan “SATREPS-H2Uz” xalqaro loyihasining Qoʻshma muvofiqlashtiruvchi qoʻmita (Joint Coordination Committee, JCC)ning 2-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda mazkur loyihada ishtirok etayotgan Markaz, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti, Yaponiyaning Kyushu, Waseda universitetlari, Karbon-neytral energiya tadqiqotlar xalqaro instituti (I2CNER)ning olim va mutaxassislari onlayn-oflayn rejimida ishtirok etishdi. Shuningdek, ushbu yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Energetika vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP)ning Oʻzbekistondagi ofisi, Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning bosh ofisi va Oʻzbekistondagi vakolatxonasidan vakillar taklif qilindi.
![]()
Tadbirni Markaz direktori S. Niyazbekov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Soʻz avvalida yigʻilish qatnashchilariga tadbirda ishtirok etayotganlaridan mamnunligini taʼkidlab, tashriflari uchun minnatdorchilik bildirdi. Soʻngra “SATREPS-H2Uz” xalqaro loyihasi boʻyicha amalga oshirilgan va kelgusida rejalashtirilgan ilmiy-amaliy ishlar yuzasidan qisqacha takliflarni taqdim etdi.
![]()
Hozirgi kunga qadar, loyiha doirasida reja boʻyicha bajarilgan ilmiy-amaliy ishlar yuzasidan toʻliq maʼlumotlar bilan yigʻilganlarni tanishtirish uchun loyihaning asosiy tadqiqotchilari boʻlgan JICA eksperti prof. Yu. Yanagida, Kyushu universiteti professori Yu, Sugai, Markazning ilmiy ishlar va sanoat tarmoqlari bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari prof. Z. Kadirovalarga soʻz berilib, ular tomonidan amalga oshirilgan va davom etayotgan jarayonlar toʻgʻrisida axborot berilib, taqdimot qilindi.
![]()
Yigʻilish davomida taqdim qilingan maʼlumotlar va loyihaning kelgusida rejalashtirilgan bosqichlari hamda ijobiy yakuni istiqbollari yuzasidan tadbir qatnashchilari va loyihani bevosita bajaruvchi hamkor tashkilotlar masʼul vakillari tomonidan ijobiy fikrlar bildirilib, loyihaning ilmiy-amaliy natijalari Oʻzbekistonning energetika sohasida katta ahamiyat kasb etishi hamda keng miqyosda sanoatlashtirishga zamin yaratilishi taʼkidlanib, loyiha ishtirokchilariga bu borada omad va ilmiy ishlariga rivoj tiladilar.
![]()