2026-yil 5-oktyabr kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Ijrochi katta vitse-prezidenti va Barqaror rivojlanish bo‘yicha bosh direktori Katsura Miyazaki boshchiligidagi delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markaziga (UJICY) tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mamoru Sakai hamda agentlikning boshqa mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Tashrif davomida delegatsiyaga UJICYning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati, zamonaviy laboratoriya infratuzilmasi, ilmiy xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro va mahalliy loyihalar hamda Markazning O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mavjud laboratoriyalar, zamonaviy ilmiy-tahliliy uskunalar va olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishildi.

Uchrashuvda JICA bilan texnik hamkorlik, jumladan, hamkorlikning birinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlar, ikkinchi bosqich doirasidagi faoliyat va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Mazkur hamkorlik doirasida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, laboratoriya infratuzilmasini mustahkamlash, ilmiy xodimlar malakasini oshirish, Yaponiya universitetlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar taqdim etildi.

Shuningdek, delegatsiyaga SATREPS-H₂Uz xalqaro loyihasi, yosh tadqiqotchilar uchun Sakura Science va Kizuno dasturlari, shuningdek, Kyoto University Short-Term Academic Research (KU-STAR) dasturini 2027-yildan O‘zbekistonda amalga oshirish istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Markazning Turkiya, Ozarbayjon va Italiya ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikdagi faoliyati, xalqaro va mahalliy ilmiy-innovatsion loyihalardagi ishtiroki ham alohida qayd etildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, yosh olimlarning xalqaro ilmiy dasturlardagi ishtirokini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, Keio universiteti, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) hamda UJICY o‘rtasida ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, havo sifati va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlarida yangi xalqaro loyihani amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.

Tashrif yakunida ilmiy-tadqiqot, innovatsiya, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim, ekologiya va barqaror rivojlanish, shuningdek, ilm-fan va sanoat integratsiyasi yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi. Mazkur tashrif UJICY va JICA o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, Markazning xalqaro ilmiy va innovatsion hamkorlikdagi rolini kuchaytirish hamda O‘zbekistonning ilmiy-texnologik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.